Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

27.02.2016

Joriy yilning 26 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Toshkent axborot texnologiyalari universitetida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasi mutaxassislari uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasitashkil etildi.

Yarmarkada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi 100 ta korxona va muassasalar, shuningdek davlat organlari mavjud ish o‘rinlari bilan qatnashdilar. Tadbirning maqsadi kompaniya, tashkilot va korxonalarga, davlat idoralariga zamonaviy bilimlarga ega iste’dodli va istiqbolli kadrlarni jalb qilish, yosh mutaxassislarga ishga joylashishda ko‘maklashishdan iborat.

Davlatimiz rahbarining 2012 yil 21 martda qabul qilingan “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu soha uchun malakali kadrlarni tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu yil axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kadr tayyorlovchi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, uning hududiy filiallari, sohaga biriktirilgan 72 ta akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini turli mutaxassisliklar bo‘yicha 26 ming nafar yoshlar bitirib chiqadi. Bir vaqtning o‘zida hududlarda ham tashkil etilayotgan mehnat yarmarkasi bu bitiruvchilarning barchasini qamrab olishni maqsad qilgan.

Hukumatimiz tomonidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyati, iqtisodiyotning barcha jabhalarida samaradorlikni yanada oshirish, davlat va jamiyat qurilishi sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishni qo‘llab-quvvatlash masalasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida axborot texnologiyalari sohasida malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni oshishiga xizmat qilmoqda.

Yurtimizda davlat, xo‘jalik boshqaruvi va joylardagi davlat hokimiyati organlarining AKT bo‘yicha maxsus bo‘linmalarini mutaxassislar bilan ta’minlash, sohaga malakali kadrlarni jalb etish maqsadida, nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi muntazam shakllantirilmoqda.

Manba: www.infocom.uz