“Elektron hukumat" sohasidagi vakolatli organ faoliyatini tashkil etishning dolzarb masalalari” mavzusida seminar tashkil etildi

29.02.2016

2016 yil 26 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda “Elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ faoliyatini tashkil etishning dolzarb masalalari” mavzusida seminar o‘tkazilishi tashkillashtirildi.

O‘tkazilgan seminar ushbu organlar tomonidan “Elektron hukumat to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi munosabati bilan hamkorlikda tasdiqlangan qo‘shma chora-tadbirlar rejasining axborot-tushuntirish tadbirlaridan biri xisoblanadi.

Seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mas’ul rahbarlari va tarkibiy bo‘linmalari xodimlari, hamda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi huzuridagi jamoat ekspert guruhi a’zolari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati instituti, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek keng doiradagi axborot-kommunikatsiya sohasining mutaxassislari ishtirok etishdi.

O‘tkazilgan tadbirning dolzarbligi Mamlakatimiz Prezidenti I.A.Karimovning Mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida “Bugungi sharoitda, Internet va elektronika davrida iqtisodiyot tarmoqlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, “Elektron hukumat” tizimi faoliyatini yanada rivojlantirish ustuvor ahamiyatga egadir” degan so‘zlaridan kelib chiqadi.

Seminar davomida davlat boshqaruvi tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etish va ulardan foydalanishni kengaytirish faoliyatini tartibga solish, “Elektron hukumat” tizimini yaratish va ishlashini ta’minlash, davlat organlari faoliyatining shaffofligi va ochiqligini oshirish bo‘yicha qabul qilingan ”Elektron hukumat to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun va mohiyatini ijrochilarga yetkazish, shuningdek huquqni qo‘llash samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi

Seminar ishtirokchilari tomonidan Qonun normalariga asosan elektron hukumat soxasidagi vakolatli organ etib belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tarkibiy bo‘linmalari xodimlariga qonun normalarini amalda tatbiq etish, elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ faoliyatining samaradorligini oshirish, ularning qonun bilan belgilangan huquq va majburiyatlarini aniq talqin qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ma’lumotlar va atroflicha tushunchalar berildi.

Tadbir davomida “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi munosabati bilan elektron hukumatni joriy qilish jarayonlarini kelgusida me’yoriy-huquqiy jihatdan ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Jumladan, ushbu Qonunning yaqin vaqtda kuchga kirishini hisobga olib, birinchi navbatda qabul qilinishi yoki qayta ko‘rib chiqilishini talab etadigan eng muhim qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati aniqlab olindi.

Vakolatli organ tomonidan “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonunning muayyan normalarini huquqni qo‘llash amaliyotida samarali amalga oshirish mavzularida deputatlar va axborot-kommunikatsiya sohasi mutaxassislarining ma’ruzalari tinglandi.

Seminar ishtirokchilari axborot sohasi mutaxassislari tomonidan “Elektron hukumat to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining samarali huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha ishlab chiqilgan metodik tavsiyalari bilan tanishtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorlikda aholi va ijrochilarning axborot-huquqiy xabardorlik darajasini oshirishga qaratilgan axborot-tushuntirish seminarlarini o‘tkazish amaliyoti davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan davom ettirilishi qayd etildi.

Manba: www.mitc.uz