IUT abiturientlarga IELTS sertifikatini qo‘lga kiritish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratmoqda

04.03.2016

Toshkent shahridagi Inha universitetida (IUT) hamma darslar ingliz tilida olib boriladi va abituriyentlar o‘zlarining ingliz tili bo‘yicha bilim darajalarini tasdiqlashlari uchun IELTS yoki TOEFL sertifikatini taqdim etishlari lozim.

IELTS sertifikatini olishga talabning kattaligi sababli, ayrim abituriyentlar IELTS imtihoniga vaqtida ro‘yxatdan o‘tishga ulgurishmayapti.

Toshkent shahridagi Inha universiteti IELTS yoki TOEFL imtihonlarini topshirishga ulgurmagan abituriyentlar uchun Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda IELTS imtihonini topshirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratmoqda.

Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘qishni rejalashtirgan abituriyentlar 28-may (15-aprelga qadar) va 25-iyun (16-mayga qadar) kunlari tashkil etilayotgan qo‘shimcha IELTS imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Imtihon natijalari 10-iyun va 8-iyul kunlari e’lon qilinadi.

Abituriyentlar IELTS imtihoniga ro‘yxatdan o‘tishlari uchun shaxsan Toshkent shahridagi Inha universitetiga kelishlari hamda pasport va diplom nusxalarini taqdim etishlari lozim. Kasb-hunar kolleji yoki akademik litsey diplomini hali olmagan abituriyentlar, o‘z o‘qiyotgan ta’lim muassasalaridan xat taqdim etishlari kerak. Ro‘yxatga olish uchun hujjatlar dushanbadan jumaga qadar 12:00 dan 17:00 gacha qabul qilinadi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti qabul bo‘limining o‘rinbosari Ruhsora Rahmatova shunday dedi: “O‘tgan yili aksariyat abituriyentlar IELTS imtihoniga vaqtida ro‘yxatdan o‘ta olmaganliklari uchun ingliz tilidan uchta imtihon tashkil etilgan edi. Bu yil esa ingliz tilidan o‘zimiz imtihon tashkil etmadik. Toshkent shahridagi Inha universiteti Britaniya Kengashi bilan kelishgan holda bizning abituriyentlar uchun ingliz tilidan ikkita imtihon o‘tkaziladi, bu esa abituriyentlarga kirish imtihonlariga qadar IELTS sertifikatini qo‘lga kiritish imkoniyatini yaratadi.”

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahridagi Inha universitetiga o‘qishga kirish uchun IELTS va TOEFL sertifikatini taqdim etish bilan birga, abituriyentlar matematika va fizika fanlari bo‘yicha ingliz tilida imtihon topshiradilar.

Manba: www.infocom.uz