Tadbirkorlar qonun himoyasida

11.12.2015

Prezidentimiz Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida iqtisodiyotda sifat jihatidan tub tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, xususiy mulk va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, ularning manfaatlarini har tomonlama himoya qilish zarurligiga e’tibor qaratildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida tashkil etilgan anjuman tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq dolzarb vazifalar ijrosiga bag‘ishlandi. Huquqni muhofaza etuvchi va nazorat qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari, xususiy tadbirkorlar ishtirok etgan tadbirda sohaga oid qabul qilingan qonun hujjatlari va ularni amaliyotda qo‘llash masalalari atroflicha muhokama qilindi. 

Adliya vazirining o‘rinbosari A.Usmonov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mulkdorlar, kichik biznes egalari va tadbirkorlarning manfaatlari har tomonlama himoya qilinayotgani ularning rivojiga, bu iqtisodiyotimiz barqarorligiga xizmat qilayotganini ta’kidladi. 

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanayotgani tadbirkorlarga yangi-yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Adliya vazirligi tomonidan “Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ning elektron shakli yaratilgani noqonuniy tekshirishlarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Endilikda o‘tkazilayotgan har qanday tekshirishni bevosita nazorat qilib borish va qonuniyligini ta’minlash imkoniyati yaratildi. Ushbu loyiha vaqtni, qog‘ozni tejaydi, boshqa xarajatlarni kamaytiradi. 

“Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi"ning onlayn tizimiga kirish elektron raqamli imzo bilan etk.minjust.uz orqali amalga oshiriladi. Kitobni to‘ldirmaslik yoki uni to‘ldirishdan bosh tortish tekshirishlar tartibini buzish hisoblanib, aybdor shaxslarning javobgarligiga sabab bo‘ladi. 

Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tartiblari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalarni amaliyotga tatbiq etish natijasida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshirishlar o‘tkazish keskin qisqartirildi. 

Tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish va taftish qilish belgilangan tartibda faqat davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshirilishi, ularga nisbatan huquqiy ta’sir choralari faqat sud tartibida qo‘llanilishi mustahkamlandi. 

Adliya organlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 2015-yilning 9 oyi davomida nazorat qiluvchi organlar tomonidan 151 tadbirkorning faoliyati noqonuniy tekshirilgani, 1514 holatda tekshirish o‘tkazish tartibi buzilgani aniqlangan. 

Tadbirda qonun hujjatlariga qat’iy rioya etish, shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi idoralar tomonidan belgilangan talablar darajasida ish olib borilishi qonuniylikni ta’minlashga, tadbirkorlarning iqtisodiyotdagi ulushi yanada ko‘payishiga xizmat qilishi qayd etildi. 

Mamba: O'zA